Foydalanish shartlari
Kuchga kirgan sana: 2026-yil 25-sentabr
Bu hujjat ommaviy oferta — Kometadan foydalanishni boshlaganingizda siz uning shartlarini qabul qilgan hisoblanasiz. Hujjat ikki tomonga qaratilgan: xizmat koʻrsatuvchi biznes (sartaroshxona) va mijoz.
1. Kometa nima va nima emas
Kometa xizmatini YaTT Ismaylov Inomjon taqdim etadi. Kometa — sartaroshxona va mijozni bogʻlaydigan platforma. Soch olish, soqol olish yoki boshqa xizmatni Kometa emas, siz tanlagan sartaroshxona koʻrsatadi.
Xizmat sifati, uning narxi va kelishuvning bajarilishi uchun sartaroshxona javob beradi. Kometa ular oʻrtasidagi shartnomaning tomoni emas.
2. Sartaroshxona uchun
2.1. Roʻyxatdan oʻtish
Roʻyxatdan oʻtayotganda haqiqiy biznes nomi, manzili va telefon raqamini koʻrsatasiz. Boshqa birovning biznesi nomidan roʻyxatdan oʻtish taqiqlanadi. Yangi sartaroshxona tekshiruvdan oʻtguncha ommaviy qidiruvda koʻrinmaydi.
2.2. Qanday xizmatlarni joylashtirish mumkin
Xizmatlar ruxsat etilgan turkumlar roʻyxatidan tanlanadi — erkin matn bilan yangi xizmat yaratib boʻlmaydi. Har bir turkum uning qayerda koʻrsatilishi mumkinligini belgilaydi: ayollar uchun xizmatlar faqat uyga chaqirish shaklida joylashtiriladi. Tibbiy xizmatlar platformada umuman yoʻq. Bu qoidani chetlab oʻtish — hisobni yopish uchun asos.
2.3. Bepul reja
Quyidagilar doimo bepul boʻlib qoladi va band qilishlar soniga cheklov qoʻyilmaydi:
- kalendar, navbat va kunlik ish rejasi;
- mijozlar bazasi va tashriflar tarixi;
- onlayn band qilish havolasi va QR kod — bular hech qachon pullik boʻlmaydi;
- Telegram orqali eslatmalar.
2.4. Pro obunasi va boshqa toʻlovlar
Pro — oylik obuna. Amaldagi narx narxlar boʻlimida koʻrsatilgan va sartaroshxonaning kattaligiga bogʻliq emas. Birinchi marta ulanganda 14 kun bepul. Obuna har oy avtomatik yangilanadi; istagan vaqtda bekor qilasiz va joriy davr oxirigacha amal qiladi. Bekor qilingandan keyin hisob bepul rejada ishlashda davom etadi — maʼlumotlaringiz oʻchmaydi.
Kometa obuna narxini bir tomonlama oʻzgartirish huquqini oʻzida saqlab qoladi. Yangi narx narxlar boʻlimida eʼlon qilinadi va keyingi obuna davringizdan boshlab qoʻllaniladi — allaqachon toʻlangan davr uchun narx oʻzgarmaydi. Yangi narx sizga toʻgʻri kelmasa, obunani oʻsha davr tugagunicha bekor qilishingiz mumkin.
Pro obunasidan tashqari Kometa ikki narsa uchun haq oladi:
- Ilovadan kelgan yangi mijoz. Platforma qidiruvi yoki xaritasi orqali topib kelgan yangi mijozning birinchi yakunlangan tashrifi uchun — oʻsha tashrif narxining 12 foizi, har bir mijoz uchun bir marta. Har bir sartaroshxonaga dastlabki 25 ta shunday mijoz bepul beriladi. Havolangiz yoki QR kodingiz orqali kelgan, oʻzingiz yozgan mijozlar va oʻsha mijozning keyingi tashriflari uchun haq olinmaydi.
- SMS eslatmalar — Pro imkoniyati, har bir SMS uchun alohida haq olinadi. Narxi mijozning operatoriga, xabar turiga va uzunligiga bogʻliq; amaldagi narxlar Hamyon sahifasida. SMS operator qabul qilganda hisoblanadi. Telegram orqali eslatmalar bepul.
Haq miqdori oʻzgarsa, bu narxlar boʻlimida oldindan eʼlon qilinadi. 2.3-boʻlimdagi doimo bepul roʻyxati oʻzgarmaydi.
Pro, yangi mijoz haqi va SMS hamyondan olinadi. Hamyon oldindan toʻldiriladi — vendor.kometa.com.uz/wallet sahifasida, Click yoki Payme orqali. Hamyon hech qachon manfiyga tushmaydi. Mablagʻ yetmasa:
- yangi mijoz uchun haq yechilmaydi, lekin sartaroshxona hamyon toʻldirilguncha ilovadagi qidiruvda koʻrinmaydi (bepul yangi mijozlari qolgan boʻlsa, koʻrinishda davom etadi);
- SMS yuborilmaydi;
- Pro yana 3 kun ishlaydi — shu vaqt ichida hamyon toʻldirilsa, oʻzi davom etadi, aks holda bekor qilinadi.
Havolangiz, QR kodingiz va 2.3-boʻlimdagi boshqa imkoniyatlar hamyonga bogʻliq emas. Hisob ochiq turganda hamyondagi pul qaytarilmaydi; hisob yopilganda qoldiq 6-boʻlimda yozilganidek qaytariladi.
2.5. Oldindan toʻlov va pulni qaytarish
Xizmat uchun oldindan toʻlov yoqilgan boʻlsa, pul toʻgʻridan-toʻgʻri sartaroshxonaning oʻz Click yoki Payme hisobiga tushadi. Kometa mijozning pulini ushlab turmaydi va uni oʻtkazishda vositachi emas. Shu sababli pulni qaytarishni ham sartaroshxonaning oʻzi oʻz kabinetidan amalga oshiradi.
2.6. Surat va videolar
Sahifangizga surat, qisqa video va «oldin/keyin» juftliklarini joylashtirishingiz mumkin. Ular ommaviy — ilovadagi lentada hisobi boʻlmagan odam ham koʻradi. Har bir material uchun javobgarlik sizda, Kometada emas. Joylashtirish orqali quyidagilarni tasdiqlaysiz:
- material sizniki yoki uni joylashtirishga huquqingiz bor;
- unda tanib olinadigan odam boʻlsa — oʻsha odamning roziligi bor. Bu ayniqsa «oldin/keyin» suratlariga tegishli: ular mijozning yuzi. Roziligini tasdiqlaganingiz vaqti bilan birga yozib qoʻyiladi;
- material 2.2-boʻlimdagi turkumlar qoidasiga mos va qonunga zid emas.
Roziligi boʻlmagan tasvir uchun uchinchi shaxs Kometaga daʼvo qilsa, zararni siz qoplaysiz.
Kometa har qanday materialni ogohlantirishsiz olib tashlashi mumkin — shikoyat boʻyicha yoki oʻz tashabbusi bilan. Olib tashlangan material darhol koʻrinmay qoladi, fayllar esa 30 kun saqlanib soʻng oʻchiriladi. Qoidani takroran buzish hisobni yopish uchun asos.
3. Mijoz uchun
- Band qilish uchun ilova oʻrnatish ham, roʻyxatdan oʻtish ham shart emas.
- Band qiluvchi 18 yoshdan katta boʻlishi kerak. Bola uchun bandni uning ota-onasi yoki qonuniy vakili oʻz nomidan qiladi — tashrif va toʻlov uchun javobgarlik oʻshanda ham hisob egasida qoladi.
- Bandni bekor qila olasiz. Iltimos, kelolmasangiz oldindan bekor qiling — navbatdagi joyingiz boshqa odamga oʻtadi.
- Sartaroshxona takroran kelmagan mijozdan oldindan toʻlov soʻrashi mumkin.
- Sharh faqat haqiqiy tashrifdan keyin yoziladi. Haqorat, reklama yoki boshqa odam nomidan yozilgan sharh oʻchiriladi.
- Koʻrsatilgan vaqt — taxminiy. Navbat jonli boʻlgani uchun oldingi mijoz choʻzilsa, vaqt siljishi mumkin.
4. Taqiqlanadi
- soxta band qilish, soxta sharh va boshqa sartaroshxonaga zarar yetkazishga urinish;
- birovning roziligisiz uning surati yoki videosini joylashtirish;
- platformadan avtomatlashtirilgan usulda maʼlumot yigʻish (scraping);
- tizimning himoyasini aylanib oʻtishga urinish yoki boshqa foydalanuvchi hisobiga kirish;
- qonunga zid xizmatlarni joylashtirish.
Bu qoidalar buzilsa, hisob ogohlantirishsiz toʻxtatilishi mumkin.
5. Javobgarlik chegarasi
Kometa xizmatni «qanday boʻlsa shundayligicha» taqdim etadi. Texnik nosozlik, internet uzilishi yoki uchinchi tomon xizmatining ishlamay qolishi natijasida yuzaga kelgan bilvosita zarar uchun Kometa javob bermaydi. Har qanday holatda Kometaning javobgarligi oxirgi uch oy ichida sizdan olingan obuna toʻlovi miqdoridan oshmaydi.
6. Hisobni yopish
Hisobingizni istagan vaqtda yopishingiz mumkin — Aloqa sahifasi orqali yozing. Maʼlumotlar bilan nima boʻlishi Maxfiylik siyosatining 8-boʻlimida yozilgan.
Hamyonda qoldiq boʻlsa, u soʻrov boʻyicha qaytariladi: @KometaBiznesUz yoki info@kometa.com.uz orqali, hisob ochilgan telefon raqamidan yozing.
7. Amaldagi qonun
Bu shartlarga Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi qoʻllaniladi. Nizolar avval muzokara yoʻli bilan, kelishuv boʻlmasa Oʻzbekiston Respublikasi sudlarida hal qilinadi.
8. Oʻzgarishlar
Shartlar oʻzgarsa, yangi sana shu sahifada koʻrsatiladi. Oʻzgarishdan keyin xizmatdan foydalanishda davom etish yangi shartlarni qabul qilish hisoblanadi.